OAV uchun

1-2-may kunlari “Inson” uchun respublika savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining hamkorligida joriy yilning 1-2-may kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida “Inson uchun” respublika savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning savdo hajmini oshirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, shu bilan bir qatorda nogironligi bor shaxslarning mehnat bozoridagi ulushini oshirishdan iboratdir. Qolaversa, ko‘rgazmada ishtirok etayotgan nogironligi bor shaxslarning iste’dodini qadrlash, ular ham sog‘lom insonlar qatori yaratuvchan ekanligini, jamiyatda o‘z o‘rniga ekanligi alohida ta’kidlamoqchimiz.

Bu borada mamlakatimizda so‘ngi yillarda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, to‘siqsiz muhit yaratish, jamiyatning to‘laqonli a’zosi qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bugungi kunda nogironligi bor shaxslarni huquqlarini himoya qilish, ularning salomatligini saqlash borasida bir qancha samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2023-yilda respublika bo‘yicha qariyib 366 079 nafar shaxslar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida birlamchi va qayta ko‘rikdan o‘tkazilgan va 116 012 nafariga birinchi marotaba nogironlik belgilangan.

2023-yil davomida 52 ming nafar shaxslar ana shunday vositalar bilan ta’minlandi. Shundan, 400 ga yaqin zamonaviy son, boldir, va oyoq apparatlari muhtoj nogironligi bo‘lgan va pensiya yoshdagi shaxslarga berildi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarori qabul qilindi.

Muhtojlarga beriladigan protez vositalari turi 18 tadan 30 turga, ajratilgan mablag‘ esa 1.5 barobardan 10 baravargacha oshirildi.

Mazkur qaror bilan 2024-yil 1-maydan Toshkent shahri va Samarqand viloyatida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan elektron tijorat orqali vaucher asosida “Inson” markazlari va ijtimoiy xodimlar yordami orqali istalgan ishlab chiqaruvchidan olish tartibi joriy etildi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan, Vazirlik va idoralar hamda tijorat banklari tomonidan 20 ming  ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi ta’minlanishi bo‘yicha faol chora- tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Aprel oyidan vazirlik va idoralar hamda tijorat banklari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 7 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilindi.

Ushbu “Inson uchun” savdo ko‘rgazmasi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat hamda nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblangan yakka tartibdagi 200 ga yaqin tadbirkor-hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar (xizmatlar) sotuvi va ommalashuviga xizmat qiladi. 2 kun davom etadigan ko‘rgazmada jami 300 mlrd. so‘mlik mahsulotlar (xizmatlar) savdosi bo‘yicha o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, ko‘rgazma davomida davra suhbatlari, panel sessiyalar, qiziqarli yutuqli o‘yinlar va ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib, g‘oliblar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanadilar.

Umuman olganda, “Inson uchun” respublika savdo ko‘rgazmasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, ular ishtirokida tayyorlangan mahsulotlarning jadal ommalashuviga va kelgusida ular uchun xalqaro bozorlar paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.